10 May 2022 yil 71

9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida soha faxriylari, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning oila a'zolari ishtirokida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni viloyat IIB boshlig‘i ochib berdi va tinchlikni asrash uchun jon fido etgan, o‘z umrini Ichki ishlar organlari tizimini rivojlantirish, xalq osoyishtaligini asrash, jamoat xavfsizligini taʼminlash yo‘lida baxshida qilgan insonlarni yod etish hozirgi avlod uchun ham qarz ham farz ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan, Ikkinchi jahon urushida qatnashib, urushdan keyingi yillarda Ichki ishlar idoralarida faoliyat yuritgan faxriy xodimlar haqidagi “Unutilmas qahramonlar” nomli film namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga viloyat musiqali drama teatri tomonidan tayyorlangan “Afg‘on shamoli” asari asosidagi kichik spektakl havola qilindi.

Xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohat olgan sobiq xodim Isoqjon Jamolovga ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan esdalik qo‘l soati topshirildi.

Boshqarma binosi hovlisida tashkil etilgan motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Tadbir yakuniga yetgach barcha mehmonlar uchun bir piyola choy ustida bayram dasturxoni tashkil etildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech