27 Iyul 2022 yil 81

KORRUPSIYA VA MILLIY TARAQQIYOT: MUAMMO VA YECHIMLAR

Korrupsiya hamma zamonda, har bir davlatda eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan. Hozirda ushbu illatga qarshi bizning mamlakatimizda ham jiddiy kurash olib borilyapti. Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilingan.

Maʼlumki, shaffoflik, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qo‘l urish murakkablashadi. Shuni nazarda tutgan holda, so‘z va matbuot erkinligini taʼminlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tan olish kerakki, bu korrupsiyaning oldini olish, uni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yana bir muhim jihat sifatida so‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining isloh qilingani, 200 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilayotganini aytish mumkin. Bu jarayonda inson omilining kamaytirilgani, shubhasiz, korrupsiyaviy holatlarni sezilarli darajada kamaytirdi.

Masalaning yana bir muhim jihati – mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatishidir. Boshqa davlatlar bilan munosabatlar, investitsiyalarning jalb etilishi va boshqa jihatlarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Korrupsiya rivojlangan, poraxo‘rlik avj olgan davlatga hech kim investitsiya kiritmaydi. Chunki bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o‘rtasida hamkorlik, biznes va investitsiya rivojidagi shafqatsiz to‘siq ham aynan korrupsiya sanaladi.

Tuman hokimligi axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumanida Obod MFY profilaktika inspektori Zuhriddin Xojayev mavzu yuzasidan mulohazalar bildirdi, bu borada tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar va holat bo‘yicha maʼlumotlar berib o‘tdi. Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech