19 Sentyabr 2022 yil 20

Namangan davlat universiteti talabalari bilan “Huquqiy targ‘ibot” uchrashuvi o‘tkazildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi hamda Namangan davlat universiteti hamkorligida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat, shahar va tuman sudlari raislari, IIB Probatsiya xizmati xodimlari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi. Unda talaba-yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish mavzusida suhbat olib borilib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Yoshlar orasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olishda uchrashuvda o‘tirgan talaba qiz va yigitlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlanib, mahalladagi, yon-atrofdagi tengdoshlarini ana shu illatlarga yaqinlashmasligi uchun ularga maʼnaviy ko‘makchi bo‘lish lozimligi tushuntirildi.

Shuningdek, talabalarga o‘quv jarayoni davomida o‘z salohiyatini namoyon qilish, o‘zini yana-da yaxshiroq anglash, o‘qish va hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tanlashni o‘rgatish, ularga har bir qadam va harakatlarining oqibatlarini anglash, hayotda o‘z qiziqishlarini topishga ko‘mak berish maqsadida universitet hamda huquq tartibot idoralari hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘qishdan bo‘sh vaqtida talabalar foydali mehnat yoki mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlari uchun universitetda barcha sharoitlar mavjud.

Biroq shunga qaramay, afsuski, talabalar orasida huquqbuzarlik holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa talabalarni huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlardan xabardorligini kuchaytirish, jinoyatchilik, maʼmuriy, huquqbuzarlik sodir etishga belgilangan javobgarlik shartlari, jazo turlarini, qonun hujjatlarini tanishtirish, huquqiy savodxonligini oshirish, ular o‘rtasida turli salbiy illatlar va g‘oyaviy tahdidlarni oldini olish va asrab-avaylash, doimo ogoh va hushyor bo‘lishi lozimligi talab qilayotganini anglatadi.

Uchrashuvda so‘z olgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sudlov hayʼati raisi A.Mirzayevning qayd etishicha, 2022 yil 15 sentyabr holatiga Oliy taʼlim muassasalari talabalariga nisbatan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tahliliy maʼlumotga ko‘ra, Namangan viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 2022 (2021) yil 8 oyi davomida 4132 (3201) nafar shaxsga nisbatan 3037 (2458) ta jinoyat ishi ko‘rilib, 3268 (2436) nafar shaxsga nisbatan 2242 (1743) ta jinoyat ishi hukm chiqarish bilan, 11 (10) nafar shaxsga nisbatan 11 (8) ta jinoyat ishi ayblanuvchiga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi tatbiq etish bilan, 844 (752) nafar shaxsga nisbatan 777 (705) ta jinoyat ishi yurituvdan tugatish bilan yakunlangan. Tahlillarga ko‘ra, mazkur davr davomida 54 ta ish bo‘yicha 59 nafar Oliy taʼlim muassasalari talabalari tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlari ko‘rilgan bo‘lib, shundan 46 nafar shaxsga nisbatan 41 ta ish bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan, 13 nafar shaxsga nisbatan 13 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatilgan.

Ayblov hukmi chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 42 nafar shaxsga jazo tayinlangan bo‘lib, shundan 15 nafariga jarima, 9 nafariga axloq tuzatish ishlari, 7 nafariga majburiy jamoat ishlari, 7 nafariga ozodlikni cheklash, 4 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazo tayinlangan shaxslarning 19 nafariga JKning 57-moddasi qo‘llanib, ayblangan moddada nazarda tutilgan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazo tayinlangan. Tahlillarga qaraganda, 2 nafar shaxsga nisbatan Mahalla fuqarolari yig‘ini va 1 nafar shaxsga nisbatan Yoshlar ittifoqi kafilligi qo‘llanilgani aniqlandi. Jinoyat sodir etgan shaxslarning 23 nafari Namangan davlat universiteti, 7 nafari Namangan muhandislik-qurilish instituti, 6 nafari Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabasi, shuningdek, 9 nafari xorij davlatlaridagi oliy taʼlim muassasasi, 14 nafari boshqa oliy taʼlim muassasasi talabalari ekanligi taʼkidladi.

Bundan tashqari, A.Mirzayev so‘zida yoshlarning nazoratsizligi, qarovsizligi, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy hatti-harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda yoshlarni turli xil jinoyatchiliklarga sherik bo‘lmasliklari haqida  gapirib o‘tib, uning huquqiy oqibatlarini qayd etdi.

Bundan tashqari, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish respublikamizda davlat siyosatining ustuvor masalasi sifatida qaralayotgani, jamiyatda bu illatni batamom tugatish uchun fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi kurash har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lishi lozimligi, bu sohadagi kurashda talaba-yoshlarning o‘zi ham faol bo‘lishi katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlandi.

Uchrashuv so‘nggida talaba-yoshlar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan tegishli javoblar oldilar.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech