24 Oktyabr 2022 yil 577

Namangan shahridagi gospitalining 3 qavatli davolash binosi to‘liq kapital taʼmirlanib foydalanishga topshirildi.

25 oktyabr Ichki ishlar organlari xodimlari kuni arafasida, infratuzilmalarni yaxshilash, yangi binolarni qurib bitkazish va to‘liq taʼmirlangan maskanlarni foydalanishga topshirish anʼanaga aylangan. Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan IIV Tibbiyot boshqarmasining Namangan shahridagi gospitalining 3 qavatli davolash binosi ham bayram arafasida to‘liq kapital taʼmirlanib foydalanishga topshirildi. Binoning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abrurazakov ishtirok etib, bu maskan Namanganning faxri ekanligi, unga kelib davolanayotgan Respublikamizning barcha viloyatlaridagi Ichki ishlar organlari xodimlari hamda faxriylari uchun qulay sharoit yaratish viloyat hokimligi uchun ham muhim ahamiyatga ega vazifa ekanligini taʼkidlab o‘tdi. Shundan so‘ng IIV Tibbiyot boshqarmasi boshlig‘i gospitalning yangi binosining zamonaviy imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Muassasada davolanayotgan faxriylar so‘zga chiqib yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirishdi. Taʼmirlash ishlari olib borgan qurilishi tashkilotiga esdalik sovg‘alari topshirilgandan so‘ng ramziy alvon lentalar kesilib, mehmonlar ichkariga taklif etildi. Mutaxassislar tomonidan yangi binoning imkoniyatlari davolash jarayonida qo‘llaniladigan zamonaviy usullar haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlash joizki binoning 12 350 kv/m ichki qismi to‘liq kapital taʼmirlashdan chiqarildi, yoritish chiroqlari o‘rnatilib eshiklar zamonaviysiga almashtirildi. Kapital taʼmirlashdan oldin 80 o‘rin ega bo‘lgan joy hozirda, 100 o‘ringa aylantirildi. Bu yerda nafaqat ichki ishlar organlari balki tarmoq huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ham davolanish imkoniyatiga ega. Ochilish marosimdan so‘ng Respublikadagi barcha Ichki ishlar boshqarmalarining tibbiyot bo‘limlari vakillari ishtirokida ilmiy amaliy konferensiya tashkil etildi.

O‘zaro tajriba almashish imkoniyatini bergan ilmiy amaliy konferensiyada zamonaviy tibbiyotdagi muhim jihatlar, tiklanish va davolanishning o‘ziga xos yo‘nalishlari borasida maʼruzachilarning fikrlari tinglandi. Bir so‘z bilan aytganda IIV Tibbiyot boshqarmasining Namangan sharidagi gospitali xar tomonlama yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassamlashtirdi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech